CorelX nima
CorelX rhinestone toshlar qolipini oson yasash uchun dastur. Doiralarni brauzerda joylashtirasiz, natijani CorelDRAW ochadigan SVG fayl qilib olasiz.
Ikki rejim
| Rejim | Qachon kerak |
|---|---|
| Rasm ustiga | Rasm yoki eskiz bor, uning ustidan doiralarni erkin joylashtirish kerak. Har bir doira o'z mm koordinatasida turadi. |
| To'r rejimi | Doiralar qat'iy qator va ustunlarda turadigan naqsh: lenta, hoshiya, tayyor ornament. |
Rasm ustiga: ish tartibi
- Rasm yuklash. Chapdagi "Rasm" bo'limida Rasm yuklash tugmasini bosing. Rasm serverga yuborilmaydi, faqat brauzerda ochiladi.
- Kesish. Kesish oynasi ochiladi. To'rtta raqamlangan burchak nuqtasini kerakli joyga torting: 1 chap yuqori, 2 o'ng yuqori, 3 o'ng past, 4 chap past. Qiyshiq olingan surat ham to'g'ri to'rtburchakka tekislanadi.
- Kesish va boshlash belgilangan sohani kesib, ishni boshlaydi.
- Butun rasm kesmasdan davom etadi.
- Ramkani tiklash burchaklarni boshlang'ich joyiga qaytaradi.
- O'lcham. "Eni, mm" maydoniga rasmning haqiqiy enini yozing va O'lchamni qo'llash ni bosing. Bo'yi rasm nisbatidan o'zi hisoblanadi. Shu qadam doiralarning haqiqiy o'lchamini belgilaydi, shuning uchun uni chizishdan oldin bajaring.
- Doira sozlamasi. "Doira" bo'limida tosh o'lchamini ro'yxatdan tanlang (SS6, SS10 ...) yoki diametrni mm da qo'lda yozing, keyin oraliqni kiriting. Oraliq ikki qo'shni doira chetlari orasidagi masofa.
- Chizish. Asbobni tanlab, rasm ustidan doiralarni qo'ying.
- Saqlash. SVG yuklab olish orqali natijani CorelDRAW ga o'tkazing.
Rasm yuklamasdan ham bo'sh varaqda chizish mumkin: eni va bo'yini mm da kiriting.
"Rasm shaffofligi" surgichi va "Rasmni ko'rsatish" belgisi fonni xiralashtiradi yoki yashiradi. Qayta kesish asl rasmni yana kesish oynasida ochadi; chizilgan doiralar joyida qoladi.
Asboblar
| Asbob | Tugma | Qanday ishlaydi |
|---|---|---|
| Nuqta | P | Bosilgan joyga bitta doira tushadi. |
| Erkin chiziq | F | Sichqonchani bosib yurgizing: doiralar belgilangan oraliq bilan ergashib chiziladi. |
| B-splayn | S | Nuqtalarni ketma-ket bosing. Silliq egri chiziq va doiralar sichqonchaga ergashib oldindan ko'rinadi. Tugatish: ikki marta bosish, Enter yoki sichqonchaning o'ng tugmasi. Backspace oxirgi nuqtani olib tashlaydi, Esc chiziqni bekor qiladi. |
| Siniq chiziq | L | Nuqtadan nuqtaga to'g'ri kesmalar. Tugatish B-splayn bilan bir xil. |
| Aylana | C | Markazni bosib, radiusgacha torting. Doiralar aylana bo'ylab teng taqsimlanadi. |
| To'ldirish | G | Nuqtalarni bosib kontur chizing. Birinchi nuqtani bosish, ikki marta bosish yoki Enter konturni yopadi va ichini doiralar bilan to'ldiradi. "To'ldirish turi": piramida (zich) yoki to'g'ri to'r. Doiralar kontur chizig'idan chiqmaydi. |
| Surish | M | Chiziqni bossangiz tanlanadi, tortsangiz butun chiziq suriladi. Strelkalar 1 mm ga suradi (Shift bilan 5 mm, Ctrl bilan 0,1 mm), Delete o'chiradi. |
| Shakl | F10 | Chiziqni bosing, keyin boshqaruv nuqtalarini torting: egri o'zgaradi, doiralar qayta taqsimlanadi. Chiziq ustiga ikki marta bosish nuqta qo'shadi, nuqtaga ikki marta bosish uni o'chiradi. |
| O'chirish | E | Bosib yurgizing: tegilgan doiralar o'chadi. Shift bilan butun chiziq o'chadi. |
Chiziq bo'ylab doiralar teng taqsimlanadi va oraliq hech qachon belgilangandan kichik bo'lmaydi; chiziq uzunligiga sig'ishi uchun biroz kattalashishi mumkin.
Chiziqni keyin o'zgartirish
- Surish (M) yoki Shakl (F10) asbobi bilan chiziqni bosing. U ko'k halqalar bilan ajratiladi, boshqaruv nuqtalari ko'rinadi.
- "Doira" bo'limidagi qiymatni o'zgartiring: tosh o'lchami, diametr, oraliq, kontur qadamlari, kontur tomoni yoki to'ldirish turi. Doiralar darhol qayta taqsimlanadi.
- Bo'sh joyni bosing yoki Esc ni bosing: tanlash bekor bo'ladi.
| Nima bilan chizilgan | Diametr | Oraliq | Kontur | Nuqtalar |
|---|---|---|---|---|
| B-splayn, Siniq chiziq, Aylana | ha | ha | ha | ha |
| To'ldirish | ha | ha | yo'q | ha |
| Nuqta, Erkin chiziq | ha | yo'q | yo'q | yo'q |
| Ayrim doiralari o'chirilgan chiziq | ha | yo'q | yo'q | yo'q |
Kontur chiziqqa parallel qatorlar qo'shadi (CorelDRAW dagi Contour kabi). "Kontur qadamlari" qo'shimcha qatorlar soni, 0 bo'lsa bitta qator. "Kontur tomoni": tashqariga (ochiq chiziqda chizish yo'nalishidan o'ngga), ichkariga (chapga) yoki ikki tomonga. Qatorlar orasi diametr va oraliq yig'indisiga teng.
Chiziqdan ayrim doiralarni o'chirsangiz yoki ustma-ustlarni tozalasangiz, uning oralig'i va konturini endi o'zgartirib bo'lmaydi. Avval sozlamalarni to'g'rilab, keyin ortiqcha doiralarni o'chiring.
Siniq chiziqning o'tkir ichki burchagida kontur qatorlari bir-biriga kirib qolishi mumkin. Buni "Tekshiruv" bo'limi ko'rsatadi.
Nusxa va burish
Avval Surish asbobi bilan chiziqni tanlang, keyin "O'zgartirish" bo'limidan foydalaning. Amallar bir vaqtda bitta chiziqqa qo'llanadi.
| Amal | Qanday ishlaydi |
|---|---|
| Nusxa (Ctrl + D) | Tanlangan chiziqning nusxasi 5 mm surilgan holda paydo bo'ladi va tanlanadi. |
| Burish, nusxalar soni 0 | Chiziqning o'zi kiritilgan burchakka buriladi. Musbat burchak soat miliga teskari. |
| Burish, nusxalar soni N | Asl chiziq joyida qoladi, N ta nusxa yaratiladi: birinchisi bir burchakka, ikkinchisi ikki burchakka va hokazo buriladi. |
| Burish markazi | "Chiziq markazi" yoki "Rasmda belgilanadi": ikkinchisida Burish bosilgach markazni rasmda bosasiz. |
Doiraviy massiv (gul, yulduz): bitta bargni chizing, burchakka 360 ni barglar soniga bo'lib yozing, nusxalar soniga barglar sonidan bitta kam qo'ying, markazni rasmda belgilang. Masalan 6 barg: burchak 60, nusxalar 5.
Ustma-ust tekshiruvi
- Ustma-ustlarni ko'rsatish belgilansa, bir-biriga kirib qolgan doiralar qizil halqa oladi va soni "Hisobot" da chiqadi.
- "Minimal oraliq, mm": doira chetlari orasida kamida shuncha joy bo'lishi kerak. 0 bo'lsa faqat haqiqatan kirib qolganlari belgilanadi; bir-biriga tegib turganlari xato hisoblanmaydi.
- Ustma-ustlarni tozalash har bir ziddiyatda keyin qo'yilgan doirani o'chiradi. Ctrl + Z bilan qaytarish mumkin.
Palitra va hisobot
- Ranglar ekranning o'ng chetidagi tik tasmada turadi. Rangni bossangiz, keyingi chiziqlar shu rangda chiziladi.
- Tasma tepasidagi + ixtiyoriy rang tanlash oynasini ochadi. Bitta dizaynda ko'pi bilan 36 ta rang ishlatiladi.
- Chizilgan doiralar rangini almashtirish: ularni belgilang, tasmadan rang tanlang, o'ng tugma - Tanlangan rangga bo'yash.
- "Hisobot" bo'limida har bir rang bo'yicha dona soni, jami dona va chiziqlar soni ko'rinadi.
Klaviatura
| Tugma | Vazifasi |
|---|---|
| P F S L C G M F10 E | Asbob tanlash. Qo'shimcha: N ham Shakl, X ham O'chirish |
| Enter | B-splayn, siniq chiziq yoki to'ldirish konturini tugatish |
| Backspace | Chizilayotgan chiziqning oxirgi nuqtasini olib tashlash |
| Esc | Chizilayotgan chiziqni yoki tanlashni bekor qilish |
| Delete | Tanlangan chiziqni o'chirish |
| Strelkalar | Tanlangan chiziqni 1 mm ga surish; Shift bilan 5 mm, Ctrl bilan 0,1 mm |
| Ctrl + D | Tanlangan chiziqdan nusxa olish |
| F4 | Varaqni ekranga moslash |
| Ctrl + Z | Ortga qaytarish (50 qadamgacha) |
| Ctrl + Y yoki Ctrl + Shift + Z | Qaytarilganni tiklash |
| Sichqoncha g'ildiragi | Yaqinlashtirish va uzoqlashtirish; kursor turgan joy o'rnida qoladi |
| Ctrl + g'ildirak, Alt + g'ildirak | Varaqni gorizontal va vertikal surish |
| G'ildirakni bosib tortish | Varaqni istalgan tomonga surish |
Kursor son maydonida turganda harf tugmalari asbob tanlamaydi. Avval Esc ni bosing yoki rasm ustini bosing.
Saqlash va CorelDRAW
| Tugma | Nima beradi | CorelDRAW da |
|---|---|---|
| SVG yuklab olish | Vektor fayl: har bir doira alohida obyekt, rang bo'yicha guruhlangan, o'lcham mm da. | File → Open yoki File → Import. Makros kerak emas. |
| Faylga saqlash | Ishni .json faylga saqlaydi: varaq o'lchami, palitra, barcha chiziqlar va ularning shakli. | CorelDRAW uchun emas. Keyin Fayldan ochish bilan shu muharrirda davom ettirasiz. |
Ish serverda saqlanmaydi. Sahifani yopishdan oldin Faylga saqlash ni bosing. Faylda fon rasmi bo'lmaydi: qayta ochganda rasmni yana yuklaysiz.
To'r rejimi
- O'lcham. Joylashuvni (piramida yoki to'g'ri to'r), ustun va satr sonini, diametr va oraliqni kiriting, O'lchamni qo'llash ni bosing. "Yoy (drop)" qatorlarni yoy shaklida egadi.
- Naqsh. "Tayyor naqsh" bo'limidan naqsh tanlab Naqshni qo'llash ni bosing yoki bo'sh to'rdan boshlang.
- Bo'yash. Palitradan rang tanlab, kataklarni asboblar bilan bo'yang.
- Natija. SVG yuklab olish CorelDRAW ochadigan vektor fayl beradi, PNG rasm qilib saqlaydi, Saqlash dizaynni umumiy "Dizaynlar" ro'yxatiga yozadi.
| Asbob | Tugma | Asbob | Tugma |
|---|---|---|---|
| Cho'tka | B | Satr | H |
| Chiziq | L | Ustun | V |
| To'rtburchak | R | Pipetka | I |
| Tanlash | S | O'chirish | E |
| To'ldirish | F | Burish 45° | [ ] |
"Tanlash" bilan soha belgilab, ichidan sudrab surasiz. Alt bilan nusxa ko'chadi, Delete o'chiradi, strelkalar bir katakka suradi.
To'r rejimidagi "Dizaynlar" ro'yxati hamma uchun umumiy: saqlangan dizaynni boshqa foydalanuvchilar ham ko'radi va o'chira oladi.
Cheklovlar
| Nima | Chegara |
|---|---|
| Rasm ustiga: doiralar soni | 20000 dona |
| Rasm ustiga: varaq o'lchami | 10 – 3000 mm |
| Yuklangan rasm | eng uzun tomoni 3000 px gacha kichraytiriladi |
| Doira diametri | 0.3 – 50.0 mm |
| Oraliq | 0.0 – 50.0 mm |
| Kontur qadamlari | 0 – 20 |
| Burishdagi nusxalar soni | 200 tagacha |
| Palitra | 36 ta rang |
| To'r rejimi: to'r o'lchami | 300 ustun, 300 satr, jami 40000 katak |